Juma, 29.03.2024, 20:21

"Toshkent Davlat Yuridik Instituti"

TSIL "Law 3"
Bookmark
Kalendar
«  December 2011  »
SuMoTuWeThFrSa
    123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031
i-Cloud
So'rovnoma
Saytimizga baho bering
Total of answers: 24
Visitors
Statistika

Total online: 1
Guests: 1
Users: 0

Main » 2011 » December » 9 » 2012-yil – Mustahkam oila yili
10:39
2012-yil – Mustahkam oila yili
 Bizning yo‘limiz – demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va modernizatsiya jarayonlarini izchil davom ettirish yo‘lidir

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi.



Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Qadrli do‘stlar!

Shu kunlarda biz mamlakatimizning yangi tarixidagi qutlug‘ sana – mustaqil, suveren va demokratik O‘zbekiston Respublikasini barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor bo‘lib kelayotgan Asosiy Qonunimiz – Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 19 yilligini keng nishonlamoqdamiz.

Avvalambor, mana shu muhtasham zalda to‘plangan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni ushbu ulug‘ ayyom bilan chin qalbimdan muborakbod etish va shu imkoniyatdan foydalanib, barchangizga samimiy hurmat va ehtiromimni izhor etish menga ulkan mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Tom ma’nodagi tarixiy bu sanani har safar bayram qilar ekanmiz, Konstitutsiyamiz – Asosiy Qonunimiz qabul qilinishi bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olganimizni haqli ravishda yuksak baholaymiz.

Agarki muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, Konstitutsiyamizning hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydigan beqiyos ahamiyati va tarixiy rolini birinchi navbatda biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan milliy davlatchilik va uning ijtimoiy-siyosiy tizimini yaratish, demokratik tamoyillar asosiga qurilgan siyosiy va iqtisodiy tizimni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan huquqiy poydevorni aynan Asosiy Qonunimiz belgilab berganida ko‘ramiz.

Ikkinchidan. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlarning prinsipial qoidalarini o‘zida mujassam etgan holda, Konstitutsiyamiz inson huquq va manfaatlari, uning erkinliklari davlat manfaatlaridan ustunligini mustahkamladi, odamlarimiz uchun munosib hayot sharoiti yaratishni o‘zining tub maqsadi etib belgiladi, ijtimoiy adolat tamoyillarini e’lon qildi.

Uchinchidan.

Konstitutsiyamiz qonun ustuvorligi, uning barcha fuqarolar uchun tengligini va shuningdek, davlat hokimiyatining qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishining huquqiy prinsipini belgilab berdi, ularning mustaqilligi, mustaqil hokimiyat tarmog‘i sifatida rivojlanishini kuchaytirishga, demokratik davlatning asosiy hal qiluvchi sharti bo‘lgan hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmini shakllantirishga qaratilgan qonuniy negizni yaratdi.

To‘rtinchidan. Konstitutsiyamiz xilma-xil fuqarolik jamiyati institutlarining shakllanishi va rivojlanishi, siyosiy partiyalarning erkin faoliyati, ko‘ppartiyaviylik tizimining shakllanishi va rivojlanishi uchun huquqiy baza yaratdi, saylov tizimining asosiy tamoyil va mexanizmlarini tasdiqladi, saylov erkinligi, odamlarimizning o‘z xohish-irodasini bildirish erkinligi kafolatlarini, har qaysi insonning hokimiyatning vakillik organlariga saylash va saylanish, fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqini mustahkamladi.

Beshinchidan. Milliy istiqlol g‘oyasini va umumbashariy qadriyatlarning eng yaxshi jihatlarini o‘zida mujassam etgan holda, Konstitutsiyamiz milliy an’analarimiz, ona tilimiz, xalqimizning bebaho qadriyatlari va madaniy merosini tiklashni ta’minladi, insonning ma’naviy kamol topishi va har tomonlama uyg‘un rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.

Oltinchidan.

Konstitutsiyamiz milliy, ko‘pukladli iqtisodiyotimiz asoslarini mustahkamladi, o‘zini oqlamagan, butunlay kasodga uchragan markazlashgan ma’muriy-taqsimot tizimidan erkin bozor iqtisodiyotiga qat’iyat bilan o‘tish uchun sharoit yaratib, xususiy mulkning ustuvorligini o‘rnatdi.

Yettinchidan. Asosiy Qonunimiz milliy xavfsizlik va mudofaa organlari tizimining shakllanishi va samarali faoliyat ko‘rsatishi, o‘zining ham ichki, ham tashqi siyosatini davlatimiz, xalqimizning oliy manfaatlari, el-yurtimizning farovonligi va xavfsizligidan kelib chiqqan holda mustaqil belgilaydigan mamlakatimizning xalqaro munosabatlarning teng huquqli subyekti sifatidagi maqomining huquqiy asoslarini belgilab berdi.

Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan tamoyil va qoidalar asosida mamlakatimizda to‘laqonli, samarali amal qiladigan qonunchilik va huquqiy baza yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, Asosiy Qonunimiz huquqiy davlat qurish yo‘liga o‘tishimizning poydevorini qurib berdi.

Shu borada mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlarining izchilligi va bosqichma-bosqichligi, biz tanlagan tadrijiy taraqqiyot yo‘li, biz uchun nomaqbul bo‘lgan, "shok terapiyasi” deb atalgan islohotlarni asossiz ravishda tezlashtirishning turli shakllaridan voz kechganimiz, chetdan qarz olish siyosatining puxta o‘ylangani va ehtiyotlik bilan amalga oshirilgani, mamlakatimizning tarixiy, milliy va an’anaviy o‘ziga xos xususiyatlarini har tomonlama hisobga olganimizni ta’kidlash muhim, albatta.

O‘ylaymanki, oradan yillar, necha o‘n yillar o‘tadi, lekin hayotimizda har tomonlama sinovdan o‘tgan, "Yangi uy qurmay turib, eskisini buzmang”, "Islohot islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan qoida va tamoyillar o‘zining o‘tkir ahamiyati va dolzarbligini hech qachon yo‘qotmaydi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.

Biz tanlab olgan va mashhur besh tamoyilga asoslangan taraqqiyot modelining naqadar to‘g‘ri ekani siyosiy va iqtisodiy tizimni demokratlashtirish, umuman, mamlakatimiz hayotidagi tub o‘zgarishlar, O‘zbekistonning istiqlol yillaridagi jadal rivojlanishi misolida o‘zining amaliy tasdig‘ini topmoqda.

O‘tgan davr mobaynida biz erishgan marralar haqida gapirar ekanmiz, hech shubhasiz, ko‘pchilikning hayrati va havasini uyg‘otadigan natijalar, ya’ni, yalpi ichki mahsulotimiz hajmining, aholi real ish haqi va daromadlarining yuksak o‘sish sur’atlarini; iqtisodiyotimizdagi tub tarkibiy o‘zgarishlar va mamlakatimizda ishlab chiqarish o‘zlashtirilgan mutlaqo yangi, raqobatdosh mahsulotlarning jahon bozoriga chiqarilayotganini; yurtimiz qiyofasini butunlay o‘zgartirayotgan inshootlar va ishlab chiqarish korxonalari, ijtimoiy obyektlar va turar-joy binolarini barpo etish bo‘yicha keng miqyosdagi bunyodkorlik ishlarini; ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy himoya qilish sohalarida qo‘lga kiritayotgan ulkan yutuqlarimizni yorqin misollarda ko‘rish va anglash qiyin emas.

Ana shunday beqiyos o‘zgarishlarning amaliy, hayotiy natijasi sifatida yurtimizda bolalar va onalar o‘limi keskin qisqargani, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasi hozirgi kunda sobiq SSSR hududidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga – 73 yoshga, ayollarimiz o‘rtasida esa 75 yoshga yetganining o‘zi, o‘ylaymanki, hech kimni, avvalambor, shu yurtda yashayotgan odamlarni befarq qoldirmaydi, albatta.

Hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi tug‘dirayotgan muammolarga qaramasdan, Xalqaro valuta fondi tomonidan ta’kidlanganidek, O‘zbekiston dunyodagi sanoqli mamlakatlar qatorida so‘nggi 5 yil mobaynida yalpi ichki mahsulotning o‘rtacha 8,5 foizga teng bo‘lgan yillik o‘sishini ta’minlab kelayotgani, joriy yilda ushbu ko‘rsatkich 8,3 foizdan kam bo‘lmasligi bizning alohida e’tiborga sazovor eng katta yutuqlarimizdan biridir.

O‘tgan yillar davomida O‘zbekistonimiz, yurtimizni yangilash va modernizatsiya qilish yo‘lida biz qo‘lga kiritgan va dunyo tan olayotgan mana shunday yutuq va marralar, hech shubhasiz, barchamizga, butun xalqimizga faxru g‘urur bag‘ishlashi tabiiydir.

Shu bilan birga, biz mamlakatimizda barqaror rivojlanadigan erkin iqtisodiyotga asoslangan ochiq huquqiy demokratik davlat qurish va inson, uning manfaatlari, huquq va erkinliklari so‘zda emas, amalda eng oliy qadriyat bo‘lgan, jahonda hurmat-e’tibor qozongan jamiyatni shakllantirishga qaratilgan uzoq va mashaqqatli yo‘lning faqat bir qismini bosib o‘tganimizni o‘zimizga yaxshi tasavvur etishimiz zarur.

Shuni unutmasligimiz lozimki, biz XXI asrda, intellektual qadriyatlar ustuvor bo‘lgan asrda, globallashuv jarayonlari shiddatli tus olayotgan va jahon bozorida raqobat tobora kuchayib borayotgan asrda yashamoqdamiz.

Bir haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz darkor. Bunday zamonda, bunday sharoitda erishilgan yutuqlarga mahliyo bo‘lmasdan, havolanishga berilmasdan, tez o‘zgarib borayotgan dunyo bilan hamqadam bo‘lib yashash, vujudga kelgan vaziyatni hushyor aql-idrok bilan baholash, yuz berishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarning oldini olishga qodir bo‘lgan mamlakatgina muvaffaqiyat qozonishi mumkin.

O‘ylaymanki, 2010-yil noyabr oyida Oliy Majlisimiz – Parlamentimiz tomonidan qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi mohiyat e’tibori bilan O‘zbekistonimiz yaqin va uzoq istiqbolda o‘z oldiga qo‘yayotgan yuksak maqsadlarga erishishning amaliy strategiyasi sifatida xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan ta’kidlash o‘rinlidir.

Bu haqda so‘z yuritganda, avvalo konstitutsiyaviy islohotlarni davom ettirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning qonunchilik, huquqiy va normativ bazasini chuqurlashtirish va kengaytirishning har tomonlama puxta o‘ylangan dasturini amalda joriy etishni nazarda tutamiz. Ushbu dastur, birinchi navbatda, davlat va jamiyat qurilishi sohasida; sud-huquq tizimida; fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasida; saylov qonunchiligini yanada demokratlashtirish; fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va rivojlantirish va nihoyat, mamlakatimizda olib borilayotgan bozor islohotlari va bozor infratuzilmasining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish sohasidagi o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi.

Mamlakatimizni demokratlashtirish va modernizatsiya qilish bo‘yicha konsepsiyada o‘z ifodasini topgan islohotlar bir-ikki yilga emas, balki o‘nlab yillarga mo‘ljallangan hal qiluvchi muhim vazifa ekanini biz albatta yaxshi anglaymiz.

Bu dastur o‘z ma’no-mazmuni bilan bugungi kunda oldimizda turgan eng yuksak maqsad bo‘lmish – mamlakatimizni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarish, xalqimiz uchun munosib turmush sharoiti yaratishga qaratilgan ezgu ishlarimizni o‘zida mujassam etib, jamiyatimiz uchun davr sinovidan o‘tgan yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘l, deb qabul qilishimiz zarur.

Aziz vatandoshlar!

Ayni shunday buyuk maqsadlarni o‘z oldimizga qo‘yar ekanmiz, bugungi kunning eng muhim va dolzarb vazifasi – Konsepsiyada va uni amalga oshirish strategiyasida o‘z ifodasini topgan olijanob maqsadlar barcha-barcha yurtdoshlarimiz uchun hayot mazmuni va amaliy intilishlarga aylanib borishini istardim.

Soddaroq qilib aytganda, saxovatli O‘zbekiston zaminida yashayotgan har qaysi odam mamlakatimizda olib borilayotgan va ko‘zda tutilayotgan barcha islohotlar avvalambor uning manfaati, uning oilasi va farzandlari uchun, shu yurtning farovonligi va taraqqiyoti uchun amalga oshirilayotganini aniq-ravshan anglab yetishi nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Buning uchun hammamiz o‘z ustimizda ishlashimiz, avvalo, huquqiy madaniyat, huquqiy ongimizni yuksaltirishimiz, siyosiy faolligimiz va fuqarolik mas’uliyatimizni oshirishni bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biri sifatida qabul qilishimiz darkor. Chunki, ongi, tafakkuri, e’tiqodi mustahkam bo‘lgan, o‘z mustaqil fikri bilan yashayotgan odamni chalg‘itib ham, kimlardir xohlagan tomonga og‘dirib ham bo‘lmaydi.

Bu haqiqatni barchamiz, avvalo, bugun hayotga kirib kelayotgan yoshlarimiz yaxshi anglab olganiga ishonaman. Qolaversa, bunday qarash, bunday yondashuv bilan yashash biz barpo etayotgan huquqiy davlatning eng muhim tarkibiy qismi, jamiyatimizni o‘zgartirish va yangilashning asosiy shartidir, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Albatta, bugungi kunda ushbu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari, nohukumat tuzilmalar tomonidan, ma’rifat idoralari, maktablarimiz, mamlakatimizning barcha ta’lim muassasalari tarafidan ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin shuni ham tan olish kerakki, bu ishlarning miqyosi, saviyasi, sifati va eng asosiysi, samaradorligi zamon talablariga to‘liq javob bermaydi.

Bu masalaning yana bir muhim tomoni borki, unga alohida to‘xtalib o‘tish o‘rinli, deb bilaman.

Hech kimga sir emas, bugungi kunda mustaqillikka, mana shu yorug‘ kunlarga erishish yo‘lida kechirgan sinov va mashaqqatlarni, istiqlolimizning ma’no-mazmunini soxtalashtirishga qaratilgan turli harakatlar tobora ortib borayotganini ko‘rish, kuzatish qiyin emas.

Avvalo, sobiq sovet hududida eski mustabid tuzumni ko‘rmagan, bu haqda yetarli ma’lumotga ega bo‘lmagan yoshlarga nisbatan turli soxta talqin va uydirmalarni ishlatib, ularning ongida kechagi sovet davrini qo‘msash tuyg‘usi va kayfiyatini uyg‘otishga qaratilgan urinishlar namoyon bo‘lmoqda.

Bunday harakatlarda sovet imperiyasi bo‘lmish sobiq Ittifoqning parokanda bo‘lishini tabiiy-qonuniy va mantiqiy hol deb baholamaslik, buning sababini avvalambor bu tizimning siyosiy, iqtisodiy, mafkuraviy asoslarining noqobilligida ko‘rmaslik holatlari yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.

Shu borada yana bir masalaga urg‘u berishimiz zarur.

Bugungi zamonning talablari, taraqqiyot sur’atlarini yanada tezlashtirish vazifalari, birinchi navbatda, hali-beri davom etayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozini yengish zarurati integratsiyalashuv jarayonlarini yanada kengaytirish kabi o‘tkir masalalarni kun tartibiga qo‘yayotganini biz yaxshi anglaymiz. Ya’ni, davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalar, tovar almashish yo‘lidagi chegara va bojxona to‘siqlarini olib tashlash hozirgi kunda naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini tasavvur qilish qiyin emas.

Shu munosabat bilan bir muhim narsadan doim sezgir bo‘lishimiz darkor. Ya’ni, integratsiyalashuv jarayonlarini ko‘zlab, shu maqsadda turli davlatlararo birlashmalarni tashkil qilish bo‘yicha so‘z yuritganda, aytish kerakki, bunday birlashmalar vaqti kelganda tobora siyosiy tus olib borishi va bunday holat birlashma a’zolarining boshqa xorijiy mamlakatlar bilan aloqalari va hamkorligiga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Bu haqda gapirganda, mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida yaqin va o‘rta istiqbolga mo‘ljallangan, iqtisodiyotimiz va uning yetakchi tarmoqlarini tubdan modernizatsiya va diversifikatsiya qilishga qaratilgan zamonaviy yuksak texnologiyalar va innovatsiyalarni jalb etish dasturini amalga oshirish eng muhim ustuvor yo‘nalishdir.

Biz uchun g‘oyat muhim bo‘lgan bu masalani hal etish yo‘lida hamkorlik qilishga tayyor bo‘lgan barcha sheriklarimiz bilan, ularning qayerda joylashganidan qat’i nazar, aloqalarimizni yanada rivojlantirish va mustahkamlash vazifasi aynan shu maqsadga bo‘ysundirilishi kerak.

Buning uchun biz bugun olib borayotgan, mamlakatimizda eng qulay investitsion iqlimni tashkil qilishga, manfaatdor tomonlarga uzoq muddatli va ishonchli imtiyoz hamda preferensiyalar berishga qaratilgan siyosatni davom ettirishga tayyormiz. Bunday siyosatni amalga oshirish uchun kimningdir ruxsatini olish emas, avvalo, O‘zbekistonimiz manfaatini ko‘zda tutishimiz talab qilinadi.

Aziz yurtdoshlarim, yuqorida zikr etilgan fikrlarni umumlashtirib, aytmoqchiman: tarixni aslo orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Bizning xalqimiz, keyingi yigirma yil davomida voyaga yetgan navqiron avlodimiz hozirgi vaqtda ertangi kelajagimizga katta ishonch bilan qaramoqda va o‘z tanlab olgan yo‘lidan hech qachon – men takror aytaman – hech qachon ortga qaytmaydi.

Hurmatli do‘stlar!

Bundan roppa-rosa bir yil oldin Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan majlisda mamlakatimizda odatga aylangan an’anani davom ettirib, 2011-yilga "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb nom berishga qaror qilgan edik.

Joriy yilga aynan shunday nom berishni ma’qul topganimizning asosiy sabab va omillari haqida jamoatchiligimiz, xalqimiz yaxshi xabardor.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, avvalo, biz tanlagan va maqsad qilib qo‘ygan zamonaviy demokratik davlat qurish, xalqimizning hayot darajasini munosib bosqichga ko‘tarish, bozor munosabatlariga asoslangan erkin iqtisodiyotga o‘tish uchun xususiy mulk ustuvorligini tan olish hisobidan taraqqiy topayotgan mamlakatlar tajribasini inobatga olgan holda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish – yuqorida zikr etilgan maqsadlarga erishishning uzviy bir qismidir.

Shuni ta’kidlash lozimki, Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan maqsad, prinsip va qoidalarni amalga oshirish uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasini izchil rivojlantirish masalasi biz mustaqillikka erishgan dastlabki davrdan boshlab davlatimizning ustuvor vazifasi darajasiga ko‘tarilgani barchamizga ma’lum.

Bunday siyosatni, chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan dasturlarni amalga oshirish natijasida bu soha yurtimizda nafaqat qaytadan shakllandi, balki uning mustahkam poydevori yaratildi. Eng muhimi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti tarkibida hal qiluvchi tarmoqqa, ijtimoiy faol aholimizning katta qismini qamrab olgan sohaga aylandi. Hozirgi vaqtda – shunga urg‘u berib aytmoqchiman – ish bilan band aholimizning 74 foizdan ortig‘i aynan shu sohada mehnat qilayotgani buning yaqqol tasdig‘idir.

Bugungi kunda dunyo iqtisodiyoti va xalqaro bozor talablari tez sur’atlar bilan o‘zgarib borayotgani, uch yil oldin boshlangan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, ko‘zga ko‘ringan ko‘pgina ekspertlarning prognozlari bo‘yicha yana davom etishi, yangi to‘fon va zarbalar yuz berishi mumkinligini inobatga oladigan bo‘lsak, bunday sinovlarning oldini olish maqsadida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga yanada katta e’tibor berayotganimizning sababi yaqqol ayon bo‘ladi.

Buning ustiga, bugun zamonning o‘zi, jahon bozorida raqobat g‘oyat keskinlashib, avjiga chiqayotgani va tobora shafqatsiz tus olayotgani kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning amaliy hayotimizda yanada keng o‘rin egallashi, bu soha uchun yangi imkoniyat, imtiyoz va preferensiyalar yaratib berish va uning rivojini yangi bosqichga ko‘tarish masalalari mutlaqo boshqacha ma’no-mazmun topishini hayotning o‘zi taqozo etmoqda.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, aholimizni ish bilan ta’minlash, uning daromadlarini yanada oshirish, qisqacha aytganda, barqaror hayotimizni yanada mustahkamlashdek o‘ta dolzarb masalalarni hal qilishda alohida o‘rin egallab borayotgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga yangi turtki berish, bu soha oldida turgan to‘siqlarni bartaraf qilish bugungi va ertangi kunimiz uchun nechog‘li katta ahamiyatga ega ekani to‘g‘risida gapirish ortiqcha, deb o‘ylayman.

Ayni shunday murakkab muammolarning yechimini topish haqida bosh qotirar ekanmiz, 2011-yilga "Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb nom berganimiz naqadar dolzarb ekanini va bu yo‘nalish yaqin va uzoq kelajagimizda, hech shubhasiz, hal qiluvchi o‘rin egallashiga amin bo‘lishimiz tabiiydir.

Endi joriy yilda bu sohada amalga oshirgan ishlarimiz haqida qisqacha gaplashib olishni o‘rinli, deb bilaman.

Hammamiz tushunamizki, yil yakuni bilan bu yo‘nalishda qabul qilgan dasturimizning ijrosi haqida, bu masalaga daxldor bo‘lgan davlat idoralari, ijtimoiy va nodavlat tashkilotlar shu borada qanday hissa qo‘shganlari va bu sohada biz nimalarga erishayotganimiz haqida atroflicha xulosa chiqarish vaqti keladi, albatta.

Men, bugungi fursatdan foydalanib, sizlarning ruxsatingiz bilan bu masalaning faqat ikki yo‘nalishiga e’tibor qaratishni zarur deb hisoblayman. Ya’ni, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi taraqqiyotining sur’at va samaradorligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar asosida berilgan yangi imtiyoz va preferensiyalar, qulayliklar, bir so‘z bilan aytganda, bu yo‘nalishni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha qilingan amaliy ishlar haqida va bu tadbirlar tufayli erishgan natijalarimiz to‘g‘risida qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Bu haqda gapirganda, avvalo, kichik biznes subyektlarini ular davlat ro‘yxatiga olingan paytdan boshlab dastlabki rejali soliq tekshiruvlaridan o‘tkazmaslik muddati 2 yildan 3 yilga uzaytirilgani, barqaror o‘sish sur’atlari va rentabellikni ta’minlagan subyektlarni tekshirishdan o‘tkazish mutlaqo taqiqlanganini qayd etish lozim.

Shular qatorida davlat va nazorat organlarining tadbirkorlik subyektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvini keskin qisqartirish masalasi yil davomida doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lganini ko‘p misollarda ko‘rish mumkin.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun yagona soliq to‘lovi stavkasi 7 foizdan 6 foizga tushirilgani, yangi tashkil etilayotgan kichik korxonalarni ro‘yxatdan o‘tkazish paytidagi va undan keyingi tartib-qoidalarni yanada soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar bu borada muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Aytish kerakki, bugungi kunda o‘z xususiy ishini ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar 2 kun davomida tegishli ruxsat olish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu muddat rivojlangan davlatlardagi mavjud mezonlarga har tomonlama mos keladi. Eng muhimi, tegishli tashkilotga borib, eshikma-eshik yurishga butunlay barham berilib, "bitta darcha” tamoyili joriy etilgani ko‘pchilik tadbirkorlar uchun ayni muddao bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, kichik biznes subyektlarini davlat xaridlariga keng jalb etish mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, bu ishlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasida elektron savdolar orqali olib borilayotgani alohida e’tiborga sazovordir.

Kichik biznes subyektlari ishlab chiqarayotgan mahsulotlarni sotish hajmi o‘tgan davr mobaynida qariyb 2 barobar ko‘payib, 600 milliard so‘mni tashkil etgani, zarur xomashyo resurslarini qo‘shib hisoblaganda, bu ko‘rsatkich 2 trillion 800 milliard so‘mdan oshgani ana shunday tadbirlar natijasidir. Yana shuni qayd etish lozimki, ayni shu mexanizmni tadbiq etganimiz tufayli 13 milliard so‘mdan ortiq budjet mablag‘ini tejashga erishildi.

Bugungi kunda biz kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda faqat savdo-sotiq, mayda hunarmandchilik bilan cheklanib qolmasdan, birinchi navbatda zamonaviy texnologiya va asbob-uskunalar asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqaradigan, ichki va tashqi bozordagi o‘zgarishlarga tez moslashadigan xususiy tadbirkorlik sohasini taraqqiy ettirishga alohida ahamiyat bermoqdamiz.

Joriy yilning 9 oyi davomida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga 3 trillion 200 milliard so‘m miqdorida kredit ajratilib, ularning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i zamonaviy asbob-uskunalar xarid qilish uchun berilgani ayniqsa e’tiborlidir.

Ana shu davr, ya’ni joriy yilning 9 oyi davomida ushbu yo‘nalishda qariyb 100 million AQSh dollari miqdorida mablag‘ o‘zlashtirilganining o‘zi bugungi kunda kichik biznesning salohiyati va qiyofasi tobora o‘zgarib borayotganining dalilidir.

Shu borada amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli kichik korxonalarning eksport hajmi 2011-yilning o‘zida 2 milliard AQSh dollaridan oshishi, ularning yalpi eksportdagi ulushi esa 16,3 foizga yetishi kutilmoqda.

Bunday salmoqli ko‘rsatkichlarni avvalambor sohani zamonaviy uskuna va texnologiyalar bilan jihozlash, ushbu tarmoqda mehnat qilayotgan ishchi-muhandislarning malakasi, kichik biznes va xususiy korxona egalarining ishbilarmonlik mahorati tobora oshib borayotganining yorqin namoyoni sifatida qabul qilish o‘rinli bo‘ladi.

Mazkur sohaning rivojlanishi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan muhim masalalardan yana biri – bu joriy yilda yurtimizda yaratilgan qariyb 1 millionga yaqin ish o‘rnining 610 mingdan ziyodi yoki 64 foizi aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik hisobidan tashkil etilgani, hech shubhasiz, bu tarmoq, takror aytaman, O‘zbekiston uchun eng dolzarb masalalardan biri bo‘lmish aholini ish bilan band qilishda yetakchi o‘rin egallab borayotganining yaqqol tasdig‘idir.

O‘tib borayotgan yilda amalga oshirilgan bunday keng ko‘lamli ishlar haqidagi fikrlarni yana davom ettirish mumkin. Bularning amaliy natijasi sifatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushi hozirgi vaqtda – shunga alohida e’tibor berishingizni so‘rayman – 54 foizni tashkil etishining o‘zi, o‘ylaymanki, ko‘p narsani anglatadi.

Aziz yurtdoshlar!

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakatimiz taraqqiyotida, avvalambor, xalqimiz uchun munosib hayot barpo etish, oldimizda turgan murakkab va mas’uliyatli vazifalarni amalga oshirish borasida qanday hal qiluvchi o‘rin va ta’sirga ega bo‘lib borayotganiga bugun amaliy hayotimizda har qadamda guvoh bo‘lmoqdamiz. Va bu soha ertangi kunimiz, istiqbolimizning haqiqatan ham mustahkam poydevoriga aylanib, yanada rivojlanib borishi aniq va muqarrardir.

Tabiiyki, O‘zbekistonimizda mazkur sohaning rivojlanishi uchun astoydil harakat qilayotgan barcha biznes egalari, shu tarmoqda o‘rnini topib, o‘z oilasi uchun munosib yashash sharoitini yaratayotgan, farovon hayot sari qadam qo‘yayotgan insonlar ayni shu yo‘ldan hech qachon qaytmaydi, desam, o‘ylaymanki, barchangiz bu fikrga qo‘shilasiz.

Shu borada yana bir muhim xulosa.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojidan manfaatdor bo‘lgan mulk egalari, jamiyatimizning suyanchi va tayanchiga aylanib borayotgan, o‘rta sinf deb nom olgan bu ijtimoiy qatlam o‘z uyi, o‘z mulkini himoya qilish, buning uchun yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashning qanchalik muhim ekanini har tomonlama anglab, hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqishi ertangi kunimizning yanada yorug‘ bo‘lishiga ishonch bag‘ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan, o‘zini shu zamin, shu diyorning chinakam yurtparvari deb biladigan, hayotimizda tinchlik va osoyishtalik, ahillik va hamjihatlikni saqlashga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan barcha insonlarga chin qalbimdan samimiy hurmatimni bildirish va ularga yangi-yangi omadlar tilashni o‘zim uchun ham qarz, ham farz deb bilaman.

Muhtaram vatandoshlar!

Endi sizlar bilan kirib kelayotgan yangi – 2012-yilga nom berish haqida fikr almashib, bir qarorga kelishimiz lozim.

Avvalo, har qaysi yilga nom berishdan asosiy maqsad – butun xalqimiz, jamiyatimizning orzu-niyat va intilishlarini ifoda etadigan, ertangi kunimizning ravnaqiga xizmat qiladigan eng ustuvor yo‘nalishni aniq belgilab olish va uni amalga oshirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etishdan iborat ekanini yana bir bor anglab olishimizni istardim.

Albatta, ijtimoiy hayotimizda bir-biridan muhim, bir-biridan zarur vazifalar ko‘pligini hammamiz yaxshi tushunamiz. Shular qatorida bugungi kunda eng dolzarb, el-yurtimiz, avvalo, inson manfaatlarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan har tomonlama muhim yo‘nalishni aniqlab olish bu borada alohida ahamiyatga ega.

Hech kimga sir emas, bu dunyoda har qaysi inson voyaga yetib, kasb-hunarga ega bo‘lib, hayotda o‘z o‘rni va kelajagini aniqlab, oila qurishni istaydi.

Ongli yashaydigan har bir odam yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ olamda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, hayot abadiyligi, bebaho ne’mat bo‘lmish farzand bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha kelajagini o‘ylab, ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi.

Bugungi kunda biz hech kimdan kam bo‘lmaydigan demokratik davlat, xalqimiz uchun ozod va farovon hayot qurish maqsadlari bilan yashar ekanmiz, oila institutini yanada mustahkamlash, bu borada olib borayotgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish alohida ahamiyat kasb etadi.

Bularning barchasini inobatga olgan holda, sizlarning ruxsatingiz bilan, kirib kelayotgan yangi – 2012-yilga yurtimizda "Mustahkam oila yili” deb nom berishni taklif etaman.

Yangi yilga mana shunday nom berishimiz, azal-azaldan xalqimiz uchun muqaddas bo‘lmish oilani hayotimiz tayanchi va suyanchi, jamiyatimizning hal qiluvchi asosiy bo‘g‘ini deb qabul qilishimiz zamirida, hech shubhasiz, juda katta ma’no-mohiyat mujassam. Chunki, oila sog‘lom ekan – jamiyat mustahkam, jamiyat mustahkam ekan – mamlakat barqaror. Buni isbotlab, tasdiqlab berishning hech qanday hojati yo‘q.

2012-yilga "Mustahkam oila yili” deb nom berishimiz munosabati bilan davlat idoralari, nodavlat va ijtimoiy tashkilotlar, xayriya jamg‘armalari bilan birgalikda ishlab chiqilib qabul qilinadigan dasturda ayni shunday ezgu tushuncha, orzu-intilishlarimiz o‘z ifodasini topishi lozim.

Bu haqda gapirganda, avvalo, mamlakatimizda oila institutini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha yangitdan qabul qilinadigan qonun, qoida va normalarda bugungi va ertangi kunimizning talablari aks etishi, amaldagi qonun hujjatlariga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, bu masalaga jamiyatimizning e’tiborini yanada kuchaytirish ko‘zda tutilayotganini ta’kidlash kerak.

Ikkinchidan, barchamiz yaxshi tushunamiz, mustahkam oila va baxtli turmush avvalambor oila quradigan yoshlarning o‘ziga, ularning aql-zakovati, ma’naviy fazilatlariga, oila, jamiyat oldidagi o‘z burchi va mas’uliyatini chuqur anglab yetishiga bog‘liq.

Bu haqiqatni hech kim inkor etolmaydi. Lekin, endi paydo bo‘lgan, katta umid bilan hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilani moddiy va ma’naviy jihatdan keng qo‘llab-quvvatlash, ularga ko‘mak, imtiyoz va imkoniyatlar yaratib berish, avvalo, uy-joy bilan ta’minlash – bularning barchasi uchun nafaqat ota-onalar, birinchi navbatda davlat va jamiyatimiz mas’uldir, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

Albatta, bugungi kunda yurtimizda yosh oilalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik haqida ko‘p gapirish mumkin. Shu bilan birga, xolisona tan olishimiz darkor – ana shunday sa’y-harakatlarimizni izchil davom ettirish, qayerda bo‘lmasin, markazda, shahar yoki qishloq joylarda bo‘ladimi, ezgu maqsadlarimizning har tomonlama tasdig‘ini ko‘rish uchun hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishimiz kerak.

Shu haqda gapirar ekanmiz, bu mas’uliyatli vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish birinchi navbatda davlat idoralarining rahbarlari, keng jamoatchiligimiz, turli ijtimoiy tuzilmalarning tashabbusi va amaliy harakatlariga bog‘liq ekani barchamizga ayon bo‘lishi darkor.

Uchinchidan, "mustahkam oila” degan g‘oyaning hayotimizdagi amaliy ifodasini ko‘rishda, hech shubhasiz, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idorasi sifatida nom qozongan mahalla tizimining o‘rni va ta’siri beqiyosdir. Buning isbotini bugun har qadamda ko‘rayotganimizni ta’kidlab o‘tishni istardim.

Haqiqatan ham, bunday noyob ijtimoiy tuzilma hozirgi kunda "Mahalla – xalq vijdoni” degan yuksak ta’rifga har taraflama munosib bo‘lib bormoqda.

Ayniqsa, yosh oilani hayotning turli to‘fonlaridan asrash, uning mustahkam oyoqqa turib olishi uchun yelkadosh bo‘lish, bu borada zarur ko‘mak, maslahat ko‘rsatishda mahallaning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

O‘ylaymanki, qabul qilinadigan dasturda mahalla idorasining jamiyatimizdagi, kundalik hayotimizdagi mohiyatini kengaytirish va nufuzini yanada oshirish masalalariga alohida ahamiyat berish o‘rinlidir.

To‘rtinchidan, oilani yanada mustahkamlash haqida so‘z yuritar ekanmiz, men bu masalaning yana bir muhim jihatiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Oila oldida turgan vazifalarni har tomonlama amalga oshirish – avvalambor, moddiy, ma’naviy, bugun o‘ta dolzarb bo‘lib borayotgan tarbiyaviy muammolarni yechish, oilaning barcha-barcha tashvishlarini osonlashtirish kabi muhim masalalarni hal etish bilan bog‘liq ekanini, o‘ylaymanki, hammamiz yaxshi tushunamiz.

Aynan ana shunday masalalarni hal etish har qaysi oilaning yukini hech nolimasdan, hayotga shukrona qilib, o‘z yelkasida ko‘tarib kelayotgan, oila qo‘rg‘onining ham chiroyi, ham charog‘boni bo‘lgan ayol zotining, opa-singillarimizning og‘irini yengil qilish bilan barobar ekanini esimizdan chiqarmasligimizni istardim. Ana shunday muhim vazifalarni amalga oshirish uchun dasturda aniq chora-tadbirlar ko‘zda tutilishi zarur.

Beshinchidan, biz ma’naviy hayotimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni keng qaror toptirishda, tobora kuchayib borayotgan, bizning milliy tabiatimiz, urf-odatlarimizga mutlaqo zid bo‘lgan har qanday zararli ta’sirlar, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishda, azaliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashda oilani mustahkam tayanch deb bilamiz.

Shu borada ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan yetuk, o‘z mustaqil fikriga ega, oqni qoradan ajratishga, taraqqiy topgan davlatlardagi tengdoshlari bilan bellashishga qodir bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash, ularning sog‘lig‘ini asrash, hayotga yo‘llashda oilaning o‘rnini hech narsa bilan baholab bo‘lmasligini biz yuksak qadrlaymiz.

Shu ma’noda, oila institutining ta’lim-tarbiya sohasi bilan – bu bolalar bog‘chasi yoki maktab bo‘ladimi, litsey-kollejlar yoki oliy o‘quv yurtlari bo‘ladimi – ana shunday muassasalar bilan amaliy hamkorligini yanada kuchaytirish vazifalari dasturda muhim joy egallashi zarur.

Aziz vatandoshlarim, qadrdonlarim!

Biz yangi yilda o‘z oldimizga mana shunday olijanob maqsad va vazifalarni qo‘yar ekanmiz, bunday intilishlarimizni amalga oshirish uchun davlat va hokimiyat idoralari, mahalla, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari, keng jamoatchilik, butun xalqimiz bir yoqadan bosh chiqarib, faol ishtirok etadi, deb ishonaman.

Biz bugun qanday og‘ir va murakkab, tahlikali bir zamonda yashayotganimiz, o‘ylaymanki, hech kimga sir emas. Lekin, biz tanlagan yo‘l qanday qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, men ishonch bilan takror aytaman – biz bu yo‘ldan hech qachon qaytmaymiz va o‘z maqsad-murodimizga albatta yetamiz.

Ayni shu yo‘lda Yaratganimizning o‘zi el-yurtimizni yomon ko‘zlardan asrasin, ezgu orzu-niyatlarimizni ro‘yobga chiqarishda o‘zi madadkor bo‘lsin.


O'zA.uz

Views: 2229 | Added by: AkoshA | Rating: 0.0/0
Total comments: 0
Name *:
Email *:
Code *: